TILIMIZNING MILLIYLIGINI, O‘ZLIGINI SAQLASHIMIZ VA HAR KUNI E’ZOZLASHIMIZ KERAK.

 

         Til – millat koʻzgusi, uning oʻziga xosligini koʻrsatuvchi asosiy vositadir. Bebaho boyligimiz sanalgan milliy tilimizga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 32  yil   toʻldi. Oʻtgan yillar davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan  oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirishga alohida eʼtibor qaratilib, bir qator Farmon va qarorlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingani oʻzbek tilining xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborining oshishida muhim qadam boʻldi.  
       Xalqimizning koʻp asrlik ilmiy-maʼrifiy, madaniy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyati mahsuli boʻlgan oʻzbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.
       Buyuk Alisher Navoiy soʻzga baho berar ekan, shunday deydi:
 
          Soʻzdurki, nishon berur oʻlikka jondin,
          Soʻzdurki, berur jonga xabar jonondin.
          Insonni soʻz ayladi judo hayvondin,
          Bilkim, guhari sharifroq yoʻq ondin.

 

       Samarqand viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasida Samarqand davlat universiteti, Samarqand viloyati Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi bilan hamkorlikda oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 32-yil to‘lishi munosabati bilan „Qadring baland boʻlsin, ona tilim!“ shiori ostida  o‘tkazilgan viloyat ilmiy-amaliy anjumanida ayni shu jihatlar eʼtirof etilib, bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf  etish boʻyicha hamkorlikda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.


       Anjumanda Samarqand viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻining birinchi o‘rinbosari Qo‘ldosh Saidov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 23-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarda ishtirok etib, BMT minbarida mustaqil Oʻzbekiston tarixida birinchi marta oʻzbek tilida nutq soʻzlashi katta tarixiy voqea, yillar davomida minglab vatandoshlarimiz dilidagi orzularning ushalishi yoʻlidagi ilk qadam boʻlganligini ta’kidladi.
       Viloyat XTXQTMO hududiy markazi direktori A’lam Ibragimov oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyi va nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritdi. 


       Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Ibodulla Mirzayev o‘zbek tilining unli tovushlari tizimi va uni o‘qitish masalalari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. 


        Taʼkidlanganidek, oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishishi yoʻlidagi muhim qadamlaridan biri boʻldi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim oʻzgarishlar yuz berdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor goʻzalligi va jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Tilshunos olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lugʻatlar, darslik va oʻquv qoʻllanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, fan, texnika, sanoat, madaniyat, sanʼat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qoʻllaniladigan soʻzlarni oʻz ichiga olgan besh jildlik “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning nashr etilishi bu borada muhim qadam boʻldi.


Anjumanda so‘z olgan Samarqand viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Temirov davlat tili – milliy ma’naviyatimiz ko‘zgusi ekanligini ta’kidlab, istiqlol yillarida ona tilimiz tom maʼnoda davlat tiliga aylangani, xalqimizni erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqganligini eʼtirof etdi. Ta’lim muassasalarida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.


Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Murodqosim Abdiyev “Davlat tili haqida”gi Qonun va uning amalda qo‘llanilishi” to‘g‘risida,  viloyat XTXQTMO hududiy markazi dotsenti  Saodat Yuldasheva milliy o‘quv dasturi hamda ona tili va adabiyot ta’limiga qo‘yilgan talablar haqida so‘z yuritdi.
 

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida bevosita til masalalari bilan shugʻullanuvchi departamentning tashkil qilingani, har bir tashkilot va idora rahbarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etilishi ona tilimiz ravnaqi yoʻlidagi amaliy ishlarning bir namunasi ekanligi qayd etildi.      

    
      Xulosa qilib aytganda, bugun har bir oʻzbek farzandi zamon bilan hamnafas   boʻlib, buyuk qadriyatimiz hisoblangan ona tilimiz rivojiga beminnat hissa  qoʻshishi, tilimizning milliyligini, oʻzligini saqlashi, eng muhimi, uni nafaqat bayram sanalarida, balki har kuni avaylab-asrashi va eʼzozlashi kerak. 
       Zero, asrlar osha hazrat Nizomiddin mir Alisher Navoiydan,  Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Fitrat, Choʻlpon, Behbudiy kabi buyuk ajdodlarimizdan bizga meros boʻlib qolgan bebaho ona tilimizni bus-butun, sofligicha  saqlash va avlodlarga yetkazish har birimizning muqaddas burchimizdir. 
     Aks holda, kelajak avlod bizni kechirmaydi.
                                                                                                               

                                                                                                                           Dilorom Abdurahmonova,
                                                                              Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi metodisti.